Props — yuborish, qabul qilish, default qiymat, children

~20 daq · React · Kirish va Asoslar

Props nima?

Oldingi darsda MahsulotKarta komponentini yozdik. Lekin har bir mahsulotning nomi, narxi, rasmi boshqacha. Komponentga "bu mahsulot uchun shu ma'lumotlarni ishlat" deb aytish kerak. Buning uchun props ishlatiladi.

Props — bu komponentga tashqaridan beriladigan ma'lumotlar. HTML da  deb atribut berasiz — xuddi shunday React komponentiga ham atribut berasiz.

// Yuborish — xuddi HTML atributi kabi
<MahsulotKarta nom="Noutbuk" narx={8500000} />

// Qabul qilish — funksiya parametri sifatida
function MahsulotKarta(props) {
return (

{props.nom}

{props.narx}

Props ni qabul qilish usullari

1. props ob'ekti sifatida

function Salom(props) {
return
Salom, {props.ism}!

<Salom ism="Jasur" />
// Natija: Salom, Jasur!

2. Destructuring — ko'p ishlatiladigan usul

function Salom({ ism, yosh }) {
return
{ism} — {yosh} yosh

<Salom ism="Jasur" yosh={25} />

Destructuring — props.ism, props.yosh o'rniga to'g'ridan-to'g'ri ism, yosh deb yozish imkonini beradi. Kod qisqaroq va o'qilishi osonroq.

Props turlari

Props sifatida istalgan JavaScript qiymatini yuborish mumkin.

function Misol({ matn, son, mantiq, massiv, obekt, funksiya }) {
return
{matn}

<Misol
matn="Salom"              // string — qo'shtirnoq ichida
son={42}                  // number — {} ichida
mantiq={true}             // boolean — {} ichida
massiv={[1, 2, 3]}        // massiv — {} ichida
obekt={{ ism: 'Ali' }}    // ob'ekt — {} ichida
funksiya={() => alert('!')} // funksiya — {} ichida

💡 String yuborishda {} shart emas — matn="Salom" yetarli. Boshqa barcha turlar uchun {} kerak.

Default qiymat

Agar props berilmasa nima bo'ladi? undefined bo'ladi. Buning oldini olish uchun default qiymat beriladi.

function Tugma({ matn = 'Bosing', rang = 'ko\'k', hajm = 'o\'rta' }) {
return (

{matn}

// Hamma props berilgan
<Tugma matn="Saqlash" rang="yashil" hajm="katta" />

// Faqat matn berilgan — qolganlar default qiymat oladi
<Tugma matn="Bekor qilish" />

// Hech narsa berilmagan — hammasi default
<Tugma />
// Natija: "Bosing" matni, ko'k rang, o'rta hajm

children — maxsus prop

Ba'zan komponentga tashqaridan kontent berish kerak bo'ladi — xuddi HTML da
ichiga narsa yozgandek.

// Oddiy props bilan — cheklangan
<Modal sarlavha="Ogohlantirish" matn="Haqiqatan o'chirmoqchimisiz?" />

// children bilan — istalgan kontent berish mumkin
<Modal sarlavha="Ogohlantirish">

Haqiqatan o'chirmoqchimisiz?

Bu amalni qaytarib bo'lmaydi!
</Modal>

children — React ning maxsus props i. Komponent teglari orasiga yozilgan hamma narsa children sifatida keladi.

function Modal({ sarlavha, children }) {
return (

{sarlavha}

{children}  {/* tashqaridan berilgan kontent shu yerga tushadi */}

children ning kuchi — komponent ichiga nima berilishini oldindan bilmasangiz ham bo'ladi. Modal, Card, Layout kabi "o'rov" komponentlari uchun juda qulay.

// Xuddi shu Modal ni turli kontent bilan ishlatish
<Modal sarlavha="Profil">

</Modal>

<Modal sarlavha="Rasm">

</Modal>

Props — readonly

Props ni komponent ichida o'zgartirish mumkin emas. Bu React ning asosiy qoidasi.

function Salom({ ism }) {
ism = 'Boshqa ism'; // ❌ Xato — props ni o'zgartirish mumkin emas
return
Salom, {ism}!

Nima uchun? Props tashqaridan keladi — ota komponent beradi. Agar bola komponent uni o'zgartirsa, ota komponent bilmaydi. Bu chalkashlikka olib keladi.

Ma'lumotni o'zgartirish kerak bo'lsa — state ishlatiladi. Bu keyingi bo'limda.

Amaliy misol

function UserKarta({ ism, lavozim, rasm, faol = true }) {
return (

{ism}

{lavozim}

{faol ? 'Online' : 'Offline'}

function App() {
return (

<UserKarta
ism="Jasur Toshmatov"
lavozim="Frontend Developer"
rasm="/jasur.jpg"
faol={true}

<UserKarta
ism="Malika Yusupova"
lavozim="UI Designer"
rasm="/malika.jpg"
faol={false}

<UserKarta
ism="Bobur Rahimov"
lavozim="Backend Developer"
rasm="/bobur.jpg"
// faol berilmadi — default true bo'ladi

Tez-tez uchraydigan xatolar

Props nomi katta-kichik harfga sezgir:

<Salom Ism="Jasur" />  // ❌ — Ism katta harf bilan

function Salom({ ism }) {  // ism kichik harf bilan
return
{ism}
;   // undefined chiqadi

Ob'ektni to'g'ridan-to'g'ri render qilish:

const user = { ism: 'Ali', yosh: 25 };

<Salom user={user} />

function Salom({ user }) {
return
{user}
;  // ❌ Xato: Objects are not valid as a React child
return
{user.ism}
;  // ✅ To'g'ri

Boolean props:

// Bu ikkalasi bir xil — true yuborish
<Tugma faol={true} />
<Tugma faol />       // qisqa yozuv

// false yuborish uchun {} kerak
<Tugma faol={false} />

Xulosa

Props — komponentga tashqaridan beriladigan ma'lumotlar.

• Yuborish: <Komponent nom="qiymat" son={42} />
• Qabul qilish: function Komponent({ nom, son }) {}
• Default qiymat: function Komponent({ rang = 'ko\'k' }) {}
• children — teglari orasidagi kontent
• Props readonly — o'zgartirish mumkin emas

Keyingi dars

7-dars: Props — readonly nima uchun, prop drilling muammosi