CSS Modules — nima, qanday ishlaydi, global va local

~15 daq · React · Stilizatsiya

Muammodan boshlaylik

Siz katta jamoada ishlayapsiz. Bir kuni Jasur .title klassini yozdi — sariq rang, katta shrift. Siz ham .title yozdingiz — boshqa komponent uchun, qizil rang. Brauzerda ikkalasi ham bir sahifaga tushdi. Qaysi .title ustun kelishini hech kim aniq bilmaydi.

Ertasi kuni Malika .btn yozdi. Siz ham .btn yozdingiz — boshqa joylarda. Stillar bir-birini bosib ketdi. Qaysi komponent qaysi stildan kelganini aniqlash uchun DevTools da uzoq vaqt sarfladingiz.

Bu — global CSS ning asosiy muammosi. Katta loyihalarda klasslar bir-birini bosib ketadi, qaysi stil qayerdan kelganini aniqlash qiyinlashadi, birovning stilini o'zgartirsangiz boshqa joyni buzasiz.

CSS Modules aynan shu muammoni hal qilish uchun yaratilgan.

CSS Modules nima?

CSS Modules — bu oddiy CSS fayl, lekin unda yozilgan barcha klasslar avtomatik ravishda faqat o'sha komponentga tegishli bo'ladi. Boshqa komponentga o'tib ketmaydi.

Fayl nomi .module.css bilan tugaydi — ana shu farq. Button.module.css — CSS Module. Button.css — oddiy global CSS.

Hayotiy o'xshatma: tasavvur qiling, har bir xonaning o'z kalit raqami bor — 101, 102, 103. Siz faqat o'z xonangizning kalitini ishlatasiz, boshqa xonaga kirmaydigan kalit. CSS Modules ham shunday — har klassga noyob raqam qo'shib, faqat o'z komponentida ishlashini ta'minlaydi.

Qanday ishlaydi?

Siz yozasiz:

/* Button.module.css */
.btn {
background: #3b82f6;
color: white;
padding: 10px 20px;
border-radius: 6px;
border: none;
cursor: pointer;

.btn:hover {
background: #2563eb;

Brauzerga yetib borganda Vite/Webpack bu klassni o'zgartiradi:

.btn  →  .btn_xK92a   (yoki _btn_abc12 — build vositasiga qarab)

Oxiridagi tasodifiy belgilar — shu komponent uchun noyob imzo. Boshqa komponentdagi .btn boshqa imzo oladi. Ular bir-biriga tegmaydi.

Birinchi misol

src/
components/
Button/
Button.jsx
Button.module.css
/* Button.module.css */
.btn {
background: #3b82f6;
color: white;
padding: 10px 20px;
border-radius: 6px;
border: none;
cursor: pointer;
font-size: 14px;

.primary {
background: #3b82f6;

.danger {
background: #ef4444;

.outline {
background: transparent;
border: 1px solid #3b82f6;
color: #3b82f6;

// Button.jsx
import styles from './Button.module.css';

export function Button({ variant = 'primary', children }) {
return (

{children}

styles.btn — bu oddiy string: "btn_xK92a". Brauzerga shunday yetib boradi.

// Ishlatish
Saqlash

Bir nechta klass qo'shish

import styles from './Button.module.css';

export function Button({ variant = 'primary', children }) {
return (
// styles.btn + styles[variant] — ikki klass birlashadi

{children}

O'chirish
// className="btn_xK92a danger_mP3q1"

Nima uchun styles[variant]? Chunki variant — o'zgaruvchi. styles.primary, styles.danger, styles.outline — bularni dinamik olish uchun [] ishlatiladi.

Klas nomi notog'ri bo'lsa nima bo'ladi?

// styles.notExists → undefined

undefined className ga o'tadi — brauzerda class="undefined" bo'ladi. Bu ko'rinishda xato qilmaslik uchun TypeScript bilan ishlash qulay — u mavjud bo'lmagan klassni ko'rsatib beradi.

Global va Local — farqi

CSS Modules da ikkita rejim bor: local (standart) va global.

Local — standart holat

/* styles.module.css */
.title {
font-size: 24px;

/* Brauzerda: .title_xK92a { font-size: 24px } */

Barcha klasslar standart holda local — noyob imzo oladi.

:global — butun sahifaga tegishli

Ba'zan siz uchinchi tomon kutubxona klassini yoki butun ilova bo'ylab ishlaydigan klassni o'zgartirmoqchi bo'lasiz. :global shu uchun:

/* styles.module.css */
.wrapper {
padding: 20px;

/* Bu klass imzo olMaydi — global qoladi */
:global(.react-datepicker) {
font-size: 13px;
border-radius: 8px;

:global(.active) {
font-weight: 600;

.wrapper  →  .wrapper_xK92a  (local — o'zgartirildi)
.react-datepicker  →  .react-datepicker  (global — o'zgarmadi)

Nima uchun :global kerak? Uchinchi tomon kutubxonalar (React DatePicker, Swiper, Ant Design) o'zlarining klasslarini ishlatadi. Siz ularni CSS Module ichidan o'zgartirmoqchi bo'lsangiz — :global yozing, aks holda o'zgartirishingiz ular klassiga yetib bormaydi.

:local — global faylda local klass

Agar butun faylingiz global bo'lsa (masalan, global stillar uchun) va shu ichida bitta klassni local qilmoqchi bo'lsangiz:

/* global.css — oddiy CSS, Modules emas */
/* Bu stillar global ishlaydi */

:local(.specialCard) {
border: 1px solid red;

/* Brauzerda: .specialCard_xK92a */

Amalda bu juda kam ishlatiladi — odatda .module.css faylda ishlaysiz va hammasi local bo'ladi.

composes — klass meros olish

CSS Modules da bir klassdan boshqasini "meros" qilish mumkin:

/* base.module.css */
.flexCenter {
display: flex;
align-items: center;
justify-content: center;

/* Card.module.css */
.card {
composes: flexCenter from './base.module.css'; /* ← tashqi fayldan */
background: white;
padding: 20px;
border-radius: 8px;

.header {
composes: flexCenter; /* ← o'z faylidan */
border-bottom: 1px solid #eee;
padding-bottom: 12px;

// Brauzerda card elementi ikkita klass oladi:
// className="card_abc flexCenter_xyz"
// ikkalasining stillari ishlaydi

composes — CSS Modules ning kuchli xususiyati. SCSS dagi @extend ga o'xshaydi, lekin build vaqtida ishlaydi — runtime xarajati yo'q.

Amaliy misol — to'liq komponent

/* UserCard.module.css */
.card {
background: white;
border: 1px solid #e5e7eb;
border-radius: 12px;
padding: 20px;
display: flex;
gap: 16px;
align-items: center;
transition: box-shadow 0.2s;

.card:hover {
box-shadow: 0 4px 20px rgba(0, 0, 0, 0.08);

.avatar {
width: 48px;
height: 48px;
border-radius: 50%;
object-fit: cover;
flex-shrink: 0;

.info {
flex: 1;

.name {
font-size: 15px;
font-weight: 600;
color: #111827;
margin-bottom: 2px;

.role {
font-size: 13px;
color: #6b7280;

.badge {
font-size: 11px;
font-weight: 600;
padding: 3px 8px;
border-radius: 20px;
text-transform: uppercase;
letter-spacing: 0.04em;

.badgeAdmin {
composes: badge;
background: rgba(239, 68, 68, 0.1);
color: #dc2626;

.badgeUser {
composes: badge;
background: rgba(59, 130, 246, 0.1);
color: #2563eb;

// UserCard.jsx
import styles from './UserCard.module.css';

export function UserCard({ user }) {
const badgeClass = user.role === 'admin'
? styles.badgeAdmin
: styles.badgeUser;

return (

{user.name}

{user.email}

{user.role}

Ushbu komponent boshqa komponentning stillariga ta'sir qilmaydi — hech qanday nom konflikti yo'q.

Tez-tez uchraydigan xatolar

Defis bilan yozilgan klassga murojaat

/* styles.module.css */
.primary-btn {
background: blue;

// ❌ Xato — defis JavaScript da ruxsat etilmaydi

// ✅ To'g'ri — kvadrat qavslar bilan

Shuning uchun CSS Modules da klasslarni camelCase yozish qoidaga aylangan: primaryBtn, cardHeader, errorText — shunda styles.primaryBtn to'g'ridan-to'g'ri ishlaydi.

Klass mavjudligini tekshirmaslik

// styles.loading mavjud emas — className="undefined" bo'ladi

Agar klass dinamik bo'lsa va ba'zan bo'lmasligi mumkin bo'lsa:

// ✅ To'g'ri — undefined o'tmaslik uchun

:global haddan tashqari ko'p ishlatish

/* ❌ Yomon — CSS Modules ning maqsadini yo'qotadi */
:global(.title) { color: red; }
:global(.card) { background: white; }
:global(.btn) { padding: 10px; }

:global faqat uchinchi tomon kutubxonalari yoki haqiqiy global stillar uchun. Har doim local klasslarni afzal ko'ring.

CSS Modules vs boshqa yondashuv lar

CSS Modules:
+ Qurilish vaqtida — runtime xarajati yo'q
+ Oddiy CSS sintaksisi — yangi narsa o'rganish shart emas
+ Har qanday framework bilan ishlaydi
- className="string" — bir nechta klass dinamik boshqarish ba'zan og'ir

Styled Components:
+ Props bilan dinamik stil — juda qulay
+ TypeScript integratsiya yaxshi
- Runtime xarajat bor — brauzerda CSS yaratialdi
- Katta paket hajmi

Tailwind CSS:
+ HTML ichida — alohida fayl yo'q
+ Juda tez prototiplash
- className juda uzun bo'lishi mumkin
- CSS sintaksisini bilish shart emas degan yanglish tushuncha

CSS Modules — CSS ni yaxshi bilganlar uchun ideal. Hech qanday yangi sintaksis yo'q, hamma narsa oddiy CSS — faqat nom konflikti muammosi hal qilingan.

Xulosa

CSS Modules — nom konflikti muammosini hal qiladigan oddiy mexanizm. .module.css bilan tugaydigan fayl yozasiz, barcha klasslar avtomatik noyob nom oladi, boshqa komponentga o'tib ketmaydi.

Eslab qoling:

• .module.css — CSS Modules fayli
• import styles from './Component.module.css' — import qilish
• styles.className — klass nomiga murojaat
• styles['defis-li-nom'] — defis bo'lsa kvadrat qavslar
• :global(.klass) — uchinchi tomon kutubxonalari uchun
• composes — klass meros olish
• Klasslarni camelCase yozish — eng qulay yo'l

Keyingi dars

36-dars: Styled Components — CSS in JS, props bilan dinamik stil