JSX — nima, JavaScript dan farqi, qoidalar

~15 daq · React · Kirish va Asoslar

Muammo: JavaScript da UI yozish og'ir

Tasavvur qiling — foydalanuvchi kartochkasini ekranda ko'rsatmoqchisiz. Ism, yosh, email. Vanilla JavaScript da bu shunday yoziladi:

const card = document.createElement('div');
card.className = 'card';

const ism = document.createElement('h2');
ism.textContent = 'Ali Valiyev';

const yosh = document.createElement('p');
yosh.textContent = '25 yosh';

const email = document.createElement('p');
email.textContent = 'ali@gmail.com';

card.appendChild(ism);
card.appendChild(yosh);
card.appendChild(email);
document.body.appendChild(card);

Bu 12 qator kod — faqat 3 ta maydon uchun. Kodni o'qib, qanday ko'rinishini tasavvur qilish ham qiyin. Agar 10 ta maydon bo'lsa — 40 qator.

React dastlab bu muammoni React.createElement bilan hal qildi:

const card = React.createElement(
'div',
{ className: 'card' },
React.createElement('h2', null, 'Ali Valiyev'),
React.createElement('p', null, '25 yosh'),
React.createElement('p', null, 'ali@gmail.com')

Yaxshiroq, lekin hali ham o'qish qiyin. Shuning uchun JSX yaratildi.

JSX nima?

JSX — JavaScript ichida HTML ga o'xshash sintaksis yozish imkonini beradi. Yuqoridagi kod JSX da shunday ko'rinadi:

const card = (

Ali Valiyev

25 yosh

ali@gmail.com

Ancha o'qilishi oson. Qanday ko'rinishini darhol tasavvur qilish mumkin.

Lekin muhim narsa: brauzer JSX ni tushunmaydi. Vite bu kodni brauzerga yetib borishidan oldin React.createElement ga aylantiradi. Ya'ni siz JSX yozsangiz ham, oxirida brauzerda oddiy JavaScript ishlaydi.

JSX — yangi til emas. Bu JavaScript ning kengaytmasi, "sintaktik shakar" deyiladi. Yozish qulay, lekin ichida oddiy JavaScript.

JSX qoidalari

1. Bitta ildiz element bo'lishi shart

Funksiya bitta qiymat qaytaradi — xuddi shunday JSX ham bitta element qaytarishi kerak. Ikki element yonma-yon qaytarib bo'lmaydi.

// ❌ Xato — ikki element yonma-yon
function App() {
return (

Sarlavha

Paragraf

Xato xabari:

Adjacent JSX elements must be wrapped in an enclosing tag

Yechim — ularni bitta elementga o'rash:

// ✅ div ichiga o'rash
function App() {
return (

Sarlavha

Paragraf

Lekin bu yerda muammo bor — keraksiz div DOM ga qo'shiladi. Ba'zan bu CSS layout ni buzadi. Buning uchun Fragment bor:

// ✅ Fragment — DOM ga hech narsa qo'shmaydi
function App() {
return (

Sarlavha

Paragraf

<>...</> — bu <React.Fragment>...</React.Fragment> ning qisqa yozuvi. Brauzerda hech qanday element yaratmaydi, faqat React uchun "o'rov" vazifasini bajaradi.

2. class emas — className

HTML da elementga stil berish uchun class atributi ishlatiladi. Lekin JavaScript da class — kalit so'z (sinflar uchun). Shuning uchun JSX da className yoziladi.

// ❌ Xato

// ✅ To'g'ri

Agar class yozsangiz, React warning beradi va ishlaydi — lekin bu noto'g'ri. className yozing.

Xuddi shunday, for ham JavaScript da kalit so'z — htmlFor ishlatiladi:

// ❌ Xato
Email

// ✅ To'g'ri
Email

3. Barcha teglar yopilishi kerak

HTML da ba'zi teglar yopilmaydi —
, , . Brauzer ularni tushunadi. Lekin JSX da qat'iy qoida: barcha teglar yopilishi shart.

// ❌ Xato

// ✅ To'g'ri — self-closing

4. JavaScript ifodalar {} ichida yoziladi

JSX ichida JavaScript yozmoqchi bo'lsangiz — {} ichiga yozing. Bu "bu yerda JavaScript bor" degan signal.

const ism = 'Ali';
const yosh = 25;
const faol = true;

function App() {
return (

{ism}

{yosh} yosh

{ism.toUpperCase()}

{2 + 2}

{faol ? 'Faol' : 'Faol emas'}

{} ichida ifoda (expression) yoziladi — qiymat qaytaradigan narsa. if, for, while kabi operatorlar yozib bo'lmaydi, chunki ular qiymat qaytarmaydi.

// ❌ Xato — if operator, qiymat qaytarmaydi

{if (yosh > 18) { 'Katta' }}

// ✅ To'g'ri — ternary operator, qiymat qaytaradi

{yosh > 18 ? 'Katta' : 'Kichik'}

5. Stil — ob'ekt sifatida

HTML da stil string sifatida yoziladi: style="color: red". JSX da esa stil — JavaScript ob'ekti.

// ❌ Xato — string sifatida

// ✅ To'g'ri — ob'ekt sifatida

Tashqi {} — "bu yerda JavaScript bor" degan signal. Ichki {} — ob'ekt.

CSS xususiyat nomlari camelCase da yoziladi, chunki JavaScript da - belgisi ayirish operatori:

font-size       → fontSize
background-color → backgroundColor
margin-top      → marginTop
border-radius   → borderRadius

Stillarni alohida o'zgaruvchiga chiqarish ham mumkin:

const cardStil = {
backgroundColor: '#f5f5f5',
padding: '20px',
borderRadius: '8px',

6. Izohlar

JSX ichida oddiy // yoki /* */ izoh ishlamaydi. {/* */} ishlatiladi:

function App() {
return (

{/* Bu JSX izohi */}

Salom

Bu vaqtincha o'chirilgan

Tez-tez uchraydigan xatolar

Ob'ektni to'g'ridan-to'g'ri render qilish:

Siz ma'lumotlar bazasidan ob'ekt oldingiz va uni ekranda ko'rsatmoqchisiz:

const user = { name: 'Ali', age: 25 };

// ❌ Xato

{user}

Xato xabari:

Objects are not valid as a React child

React ob'ektni qanday ko'rsatishni bilmaydi. Aniq maydonni ko'rsating:

// ✅ To'g'ri

{user.name}

{user.age}

undefined yoki null ko'rsatish:

const ism = undefined;

{ism}
// hech narsa ko'rsatmaydi — bu normal

undefined, null, false — JSX da hech narsa ko'rsatmaydi. Bu ba'zan foydali (conditional rendering uchun), ba'zan kutilmagan natija beradi. Agar "undefined" matni ko'rsatmoqchi bo'lsangiz — String(ism) yoki ism ?? 'Noma\'lum' ishlating.

Qavslarni unutish:

// ❌ Bu matn sifatida ko'rsatiladi: "yosh"

yosh

// ✅ Bu o'zgaruvchi qiymati ko'rsatiladi

{yosh}

Xulosa

JSX — JavaScript ichida HTML yozish imkonini beruvchi sintaksis. Brauzer uni tushunmaydi — Vite React.createElement ga aylantiradi.

Asosiy qoidalar:

• Bitta ildiz element — yoki <>...</> Fragment
• class → className, for → htmlFor
• Barcha teglar yopiladi:

• JavaScript {} ichida yoziladi
• Stil — ob'ekt sifatida, camelCase

Keyingi dars

4-dars: JSX — expression, conditional rendering, list rendering